Tamponlar qanday joylashtiriladi

Bu yerda siz barcha savollaringizga javob topasiz

Tamponlar qanday joylashtiriladi?

Tayyorlanish
Tamponni kiritishdan oldin va keyin har doim qoʻllaringizni sovun bilan yuving. Tamponni kiritishingiz oson boʻlishi uchun va uni qanday qilib toʻgʻri kiritishni bilishingiz uchun tanagizning anatomiyasini biroz boʻlsa ham bilishingiz kerak. Demak, qulay holatga turing (bitta oyogʻingizni vanna yoki unitazning chetiga qoʻyishingiz mumkin), kichkina oynani oling, uni oyoqlaringiz orasiga joylashtirib, qarang. Jinsiy lablaringizni toping (qin ogʻzini yopib turuvchi lablar yoki teri burmalari) va qin ogʻzini koʻrish uchun ularni barmoqlaringiz bilan ehtiyot boʻlib oching. Bu aynan tamponlar kiritiladigan joy.

Oʻramini yechamiz
Tamponni nuqtali chizigʻining ikki tomonidan mahkam ushlang va uni qarama-qarshi tomonga keskin burang. Oʻramning pastki qismini shunday yechingki, ip ochilsin, u pastga tushishi uchun uni torting. Tamponni ipidan ushlab turib oʻramning ikkinchi qismini yeching. Tampondan oʻramni yechganingizdan keyin unga qoʻlingizni tekkizdirmang va hech qayerga qoʻymang.

Joylashtiramiz
Tamponlarni ipi bor tarafidan ushlash lozim. Qin atrofidagi mushaklar zoʻriqmasligi uchun maksimal tarzda boʻsh qoʻying. Bitta oyogʻingizni unitazga yoki stulga qoʻyishingiz mumkin. Tamponni anal teshigi tomonga biroz egiltiring va qinga kirgizing, uni koʻrsatkich barmogʻingiz bilan tiralgunicha itaring. Har doim tamponni burchak ostida ushlab turganingizni tekshiring va uni toʻgʻri kiritishga urinmang. Ushbu qoidalarga rioya qilib, siz tamponni deyarli oson va tez joylashtirishingiz mumkin. Tamponni oson chiqarib olishingiz uchun uning ipi tanangizning tashqarisida qolishi kerak.

Agar tamponni toʻgʻri qoʻygan boʻlsangiz, siz uni sezmaysiz. Agarda siz bosim tufayli qandaydir noqulaylikni sezsangiz, bu tamponni yetarlicha chuqur joylashtirmaganligingizni yoki uni notoʻgʻri joylashtirganligingizni anglatadi. Agar shunday boʻlsa, tamponni chuqurroq itarishga urinib koʻring yoki uni chiqarib, qaytadan joylashtirib koʻring. Xavotir olmang, siz tamponni juda chuqur kirita olmaysiz, chunki bachadon boʻyni (bachadoningizdagi teshik) unga tampon kirib ketishi uchun juda kichik- shuning uchun tamponlar aniq organizmingizda yoʻqolib ketmaydi. Kiritishda mushaklarni boʻshashtirishni unutmasangiz boʻldi!

Almashtiramiz
Ipini yengil tortsangiz tampon almashtirish vaqti kelganligini yoki kelmaganligini bilib olasiz. Agar tampon osongina chiqmasa, uni yana biroz vaqtga qoldirishingiz mumkin. Tamponlarni menstruatsiyangizning qanday kelishiga qarab taxminan har toʻrt soatda almashtirish lozim. Agar tampon oʻzi chiqmasa, uni uzogʻi bilan sakkiz soatga qoldirish mumkin.

Chiqaramiz
Tamponni chiqarish uchun kiritgan burchagingiz ostida uni ipidan torting. Agar siz ipini topa olmasangiz, xavotir olmang, shunchaki qoʻlingizni sovunlab yuving, choʻkkalab oʻtirib oling va tamponning oʻzini barmoqlaringiz bilan chiqarib oling.

Utilizatsiya qilamiz
Tamponlarni va ularning oʻramlarini unitazga tashlamang- siz kanalizatsiyani ifloslantirib qoʻyishingiz mumkin, bu esa atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Uni shunchaki tualet qogʻoziga oʻrang (yoki paketga soling) va axlat chelagiga yoki sanitar utilizatoriga tashlab yuboring.